O‘zbekiston Prezidentining Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi tashabbusi amalga oshdi

2021 yil 18 mayda Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 75-sessiyasi yalpi majlisida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish to‘g‘risidagi maxsus rezolyutsiya bir ovozdan qabul qilindi.
Ozarbayjon, Jazoir, Afg‘oniston, Bangladesh, Belarus, Vengriya, Vetnam, Gruziya, Misr, Hindiston, Iordaniya, Eron, Xitoy, Marokash, Nepal, O‘mon, Pokiston, Paragvay, Rossiya, Ruanda, Ruminiya, Senegal, Singapur, Tojikiston, Turkmaniston, Turkiya, Yaponiya kabi dunyoning turli mintaqalaridan 60 dan ortiq davlat ushbu rezolyutsiya hammualliflari bo‘ldi.
Ma’lumki, Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilish tashabbusi 2018 yil avgust oyida Turkmanboshi shahrida bo‘lib o‘tgan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi ta’sischi-davlatlari rahbarlarining yig‘ilishida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilk bor ilgari surilgan edi.
Davlatimiz rahbari 2020 yil sentabrda o‘tkazilgan BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqida esa a’zo davlatlarni ushbu masala bo‘yicha maxsus rezolyutsiyani ishlab chiqish va qabul qilishga chaqirgan edi. O‘zbekiston Prezidenti o‘z chiqishida mazkur tashabbus yuqori texnologiyali innovatsiyalar, ekologik toza, energiya va suvni tejaydigan texnologiyalarni yaratish va tatbiq qilishga investitsiyalarni jalb etish uchun shart-sharoit yaratish, «yashil» iqtisodiyot tamoyillarini keng qo‘llash, tuproq degradatsiyasi, cho‘llanish va ekologik migratsiyaning oldini olish, ekoturizmni rivojlantirish kabi muhim chora-tadbirlarni amalga oshirishga qaratilganini ta’kidlagandi.
«Dunyo» AAga mamlakatimiz Tashqi ishlar vazirligi matbuot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, tashqi siyosat mahkamasi, xorijdagi elchixonalarimiz va O‘zbekistonning BMTdagi doimiy vakolatxonasi tomonidan respublikadagi barcha manfaatdor vazirliklar bilan birgalikda davlatimiz rahbari tashabbusini amalga oshirish doirasida keng ko‘lamli ishlar olib borildi. 2019-yil 25-oktabr kuni Nukusda «Orol dengizi mintaqasi — ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi» mavzusida yuqori darajali xalqaro konferensiya tashkil etildi. Unda ilk bor rezolyutsiya loyihasi taqdim etildi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi Antoniu Guterresh forum ishtirokchilariga videomurojaatida Orol dengizining yo‘qolib ketishini zamonamizning eng katta ekologik ofatlaridan biri deb atadi.
COVID-19 pandemiyasi sabab BMT Bosh Assambleyasi faoliyatidagi jiddiy cheklovlarga qaramay, qisqa vaqt ichida O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi, chet eldagi diplomatiya vakolatxonalarimiz tomonidan rezolyutsiyaning mazmun-mohiyatini yetkazish maqsadida BMTga a’zo davlatlar bilan ko‘plab muzokaralar o‘tkazildi, yuqori darajadagi forumlar, BMT asosiy tuzilmalarining yalpi va maxsus yig‘ilishlarida uning dolzarbligi ta’kidlab o‘tildi.
Rezolyutsiya matnini kelishib olish uchun BMT a’zolarini keng jalb etgan holda qator norasmiy maslahatlashuvlar tashkil etildi. Hujjat loyihasini muhokama qilishda faol ishtirok etgan Osiyo-Tinch okeani mintaqasi, Yevropa, Afrika, Lotin va Shimoliy Amerika davlatlari delegatsiyalari O‘zbekiston Prezidentining tashabbusini yuksak baholadi, shuningdek, uning nafaqat Markaziy Osiyo, balki jahonning boshqa mamlakatlari uchun ham o‘ta muhimligini e’tirof etdi.
Bosh Assambleya qabul qilgan maxsus rezolyutsiya:
— Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik, ijtimoiy, iqtisodiy va demografik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan mintaqaviy tadbirlar va tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashini e’lon qiladi;
— bundan buyon ham Orolbo‘yi mintaqasi tabiatini tiklash va yaxshilash, tabiiy resurslarni saqlash va aholi hayot sifatini oshirish manfaatlari yo‘lidagi ilmiy-tadqiqot maslahatlashuv faoliyatini rag‘batlantiradi;
— Orol dengizi inqirozi oqibatlarini bartaraf etish va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik vaziyatni barqarorlashtirish, Orol dengizining qurib qolgan tubida tuz, chang-to‘zonni uzatishga moyil bo‘lgan qum uyumlarida o‘rmon melioratsiyasi usullarini barqaror qo‘llash yo‘li bilan yanada cho‘llanishning oldini olish, salbiy ekologik hamda ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlarni yumshatish bo‘yicha birgalikdagi tadbirlarni amalga oshirish yo‘lidagi mintaqaviy hamkorlikni faollashtirish, shuningdek, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish va iqlim o‘zgarishiga moslashish, ekoturizmni rivojlantirish va boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish muhim ekanligini ta’kidlaydi;
— a’zo davlatlar, BMT tizimidagi jamg‘armalar, dasturlar va tuzilmalar, xalqaro moliya institutlari va boshqa manfaatdor tomonlarni 2030-yilgacha Barqaror rivojlanish kun tartibiga muvofiq Orolbo‘yi mintaqasida fanlararo tadqiqotlar o‘tkazish va ilmiy-innovatsion hamkorlikni amalga oshirish, ekologik toza texnologiyalarni ishlab chiqish va joriy etish, inklyuziv va ekologik barqaror iqtisodiy o‘sish hamda energiya va suvni tejovchi texnologiyalarni qo‘llashga turtki berishga chaqiradi.
Hujjatda O‘zbekiston rahbariyati tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Orolbo‘yi xalqaro innovatsion markazini tashkil etilishi va Orolbo‘yi mintaqasidagi ekologik halokatning salbiy holatlarini bartaraf etish hamda ijtimoiy-iqtisodiy loyihalarni amalga oshirish maqsadida BMT shafeligidagi Orolbo‘yi mintaqasi uchun Ko‘psheriklik Trast fondi ta’sis qilinishi Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan yuqori baholangani va qo‘llab-quvvatlangani o‘z ifodasini topgan.
Shuningdek, O‘zbekiston tomonidan bundan oldin taqdim etilgan “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash bo‘yicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida»gi va «Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanish va barqaror turizm to‘g‘risida»gi rezolyutsiyalar ham bir ovozdan ma’qullangani e’tirof etildi.
Qayd etish lozimki, Orolbo‘yi mintaqasi Bosh Assambleya tomonidan Ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi degan muhim maqomga ega bo‘lgan birinchi mintaqaga aylandi.
Prezidentimizning mana shunday hududni yaratish bo‘yicha tashabbusi 2030 yilgacha bo‘lgan davrda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo‘lidagi umumiy sa’y-harakatlar doirasida dunyoning turli mintaqalarida ham tatbiq etiladi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.