Prezident Shavkat Mirziyoyev Parkent tumanida qurilish materiallari sanoati va turizmni rivojlantirish masalalari yuzasidan investor hamda tadbirkorlar bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.

Davlatimiz rahbari bir yil avval Kumushkonda Bo‘stonliq va Zomindagi turistik zonalardan qolishmaydigan yirik majmua barpo etish vazifasi qo‘yilganini esladi. “Avvalo, o‘zimiznikilarga imkoniyat beraylik, ular nimalarga qodirligini ko‘rsatsin” degan yondashuv asosida mahalliy loyihachilar va quruvchilar 47 gektar maydonda “Oltin bel” majmuasini bunyod etdi.
Majmuada to‘rtta mehmonxona, ikkita restoran, 51 ta shale, akvapark, amfiteatr va ko‘ngilochar inshootlar tashkil qilingan. Bir vaqtning o‘zida 6 ming nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish va 600 ta ish o‘rni yaratish imkoniyati mavjud.
Xalqaro turizm akademiyasi tomonidan bu yerda tashkil etilgan kurslarda 300 nafar mutaxassis tayyorlandi. Qurilish va jihozlashda mahsulotlarning 95 foizi mahalliy korxonalardan olingani loyiha tannarxini 20 foizga arzonlashtirdi.
Ushbu tajriba asosida Nanay, Xonobod, Chimyonsoy, Muzbuloq, Urgut, Ellikqal’a va boshqa hududlarda ham turizm maskanlari barpo etish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Prezidentimiz qurilish industriyasi va turizm bir-birini to‘ldiradigan, o‘zaro yangi imkoniyatlar ochadigan sohalarga aylanishi zarurligini ta’kidladi.