Prezident Shavkat Mirziyoyevning BMT Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha Hadli konvensiyasi tomonlari konferensiyasining 31-sessiyasidagi (COP31) nutqidan asosiy fikrlar:

-O‘zbekiston iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni izchil qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Yangi taraqqiyot modelini “yashil” texnologiyalar asosida, tabiiy resurslardan oqilona foydalangan holda qurmoqda;
-O‘zbekiston YIM birligiga to‘g‘ri keladigan gaz chiqindilarini 35 foizga qisqartirish borasidagi maqsadini muddatidan oldin bajardi. 2035-yilga borib, zararli chiqindilarni 50 foizga kamaytirish bo‘yicha yangi marrani belgiladi;
-O‘n yil ichida iqtisodiyotda suv sarfi deyarli ikki baravarga, havzalardan olinayotgan suv miqdori esa beshdan bir qismga kamaydi. Sug‘oriladigan yer maydonlarining 60 foizida suv tejovchi texnologiyalar joriy etildi;
-O‘zbekiston kelgusi yildan Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga raislik qiladi va transchegaraviy havzalarni boshqarishdek mas’uliyatli vazifani yuqori saviyada amalga oshirishga tayyor;
-Yerlarni keng ko‘lamda qayta tiklash ishlari olib borilmoqda. O‘rmonlar maydoni olti million gektarga ko‘paytirildi, uning uchdan bir qismi Orolbo‘yi hududiga to‘g‘ri keladi;
-Uch milliard dollardan ortiq investitsiya yo‘naltiriladigan “Chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni amalga oshirish strategiyasi” joriy etildi;
-Mamlakatning har beshinchi fuqarosi – maktab o‘quvchisi yoki talaba. Tizimli ekologik ta’lim-tarbiya tufayli 2050-yilga borib, O‘zbekiston aholisining to‘rtdan uch qismi tabiatni asrash bo‘yicha puxta bilimga ega bo‘ladi;
-Iqlim muammolariga hech bir davlat yolg‘iz holda yechim topa olmaydi. Markaziy Osiyoda muzliklarning erishi, suv tanqisligi, qurg‘oqchilik kabi xatarlarning ko‘lami ortmoqda. Umumiy tahdidlar mintaqa davlatlaridan mushtarak harakatlarni talab qiladi;
-Markaziy Osiyoning Iqlim integratsiyasi modelini rivojlantirish tashabbusi ilgari surildi. Ushbu hamkorlikni uchta asosiy yo‘nalishdan boshlash taklif qilindi;
-Birinchisi – axborot yo‘nalishi. Jahon meteorologiya tashkiloti ko‘magida iqlim xavf-xatarlari to‘g‘risida ma’lumot almashish infratuzilmasini yaratish zarur;
-Ikkinchisi – texnologik yo‘nalish. O‘zbekiston har yili o‘tkazadigan Markaziy Osiyoning “Eco Expo” ko‘rgazmasini mintaqaga mos zamonaviy ekologik yechimlar beradigan doimiy investitsiya va texnologiyalar maydoniga aylantirishni maqsad qilgan;
-Uchinchisi – moliyaviy yo‘nalish. Taraqqiyot banklari va maqsadli jamg‘armalar bilan birgalikda Markaziy Osiyo uchun yangi ko‘mak vositalari – imtiyozli grantlar, shuningdek, “moviy” va “arid” moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish taklif etildi.