
Ikki tomonlama muzokaralar davomida Belarus Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vaziri Vadim Sinyavskiy bilan xavfsizlikni ta’minlash, tizim uchun yuqori malakali mutaxassislar tayyorlash hamda sohadagi ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi. Uchrashuvda qutqaruv tizimlarini zamonaviylashtirish va inqirozli vaziyatlarda tezkor harakat qilish salohiyatini oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Muzokaralar yakunida tomonlar har ikki davlat aholisining osoyishtaligi va xavfsizligini kafolatlash yo‘lida kelgusida ham birgalikda tizimli hamda faol ish olib borish muhimligini qat’iy ta’kidladilar.