O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari OHICHKda ishtirok etadi

O‘zbekiston eksportini kengaytirish va sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish ishonchli logistika, kapitalga kirish imkoniyati hamda xorijiy bozorlarda barqaror va prognoz qilinadigan shart-sharoitlarni talab etadi. Ushbu vazifalar 28 davlatni birlashtirgan Osiyoda hamkorlik va ishonch choralari bo‘yicha kengash (OHICHK) iqtisodiy kun tartibida muhim o‘rin tutadi. OHICHKning yettinchi sammiti 2026-yil 15-oktabr kuni Boku shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Sammit Ozarbayjon raisligi davrida bo‘lib o‘tadi. Mazkur raislikning ustuvor yo‘nalishlari sifatida o‘zaro bog‘liqlik, raqamlashtirish va barqaror o‘sish belgilangan.
OHICHK ishtirokchilari orasida O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlari ham bor. 2026-yilning birinchi yarim yilligida Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston, Turkiya va Afg‘oniston hissasiga respublika tashqi savdo aylanmasining jami qariyb 53 foizi to‘g‘ri keldi. Ko‘p tomonlama platforma tashuvlarni tashkil etish yoki investitsiyaviy tashabbuslarni amalga oshirish uchun bir nechta davlatning muvofiqlashtirilgan ishtiroki zarur bo‘lgan yo‘nalishlarda shakllangan ikki tomonlama munosabatlarni to‘ldiradi.
O‘zbekistonning tashqi iqtisodiy aloqalarida MDH mamlakatlari bilan hamkorlik muhim o‘rin tutadi. O‘zbekistonning Hamdo‘stlik davlatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2020-yildagi 11,8 milliard dollardan 2025-yilda 28,1 milliard dollarga yetdi. Joriy yilning yanvar–iyul oylarida tovar ayirboshlash hajmi 18,3 milliard dollarni tashkil etib, o‘sish sur’ati 122,7 foizga yetdi. Avgust oyi boshidagi holatga ko‘ra, respublikada Rossiya, Qozog‘iston, Ozarbayjon va Tojikiston kapitali ishtirokidagi qariyb 5 800 ta korxona faoliyat yuritgan.
Turli bozorlar bilan ishlashda yetkazib berish yo‘nalishlarini ularning qiymati va muddatlarini hisobga olgan holda tanlash imkonini beruvchi, bir-birini to‘ldiradigan transport yo‘laklari tarmog‘i muhim ahamiyat kasb etadi. Markaziy Osiyoning Janubiy va Sharqiy Osiyo hamda Yaqin Sharq bilan ishlab chiqarish-logistika aloqalarini rivojlantirish masalasi Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2022-yilda Astanada bo‘lib o‘tgan OHICHK sammitida iqtisodiy ustuvor yo‘nalishlardan biri sifatida qayd etilgan edi
Shuningdek, bilimlar iqtisodiyoti va zamonaviy texnologiyalarni rivojlantirish ham ustuvor vazifalar qatorida ko‘rsatib o‘tilgan.
Mazkur kun tartibining amaliy masalalari 2026-yil iyun oyida Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha ikkinchi Termiz muloqotida ko‘rib chiqildi. OHICHK Kotibiyati ishtirokida o‘tkazilgan tadbir Kengashga a’zo 17 davlat vakillarini birlashtirdi. Multimodal yo‘nalishlar va raqamli logistika masalalari muhokamasi hududlar o‘rtasidagi yuk tashish va savdoga xizmat ko‘rsatuvchi Termez Cargo Terminal hamda “Ayritom” xalqaro savdo markazi infratuzilmasi bilan tanishish bilan davom etdi.
Kaspiy mintaqasi portlari bilan aloqalar quruqlikdagi transport tarmog‘ini dengiz yo‘nalishlariga chiqish imkoniyati bilan to‘ldiradi. Sentabr oyida Boku shahrida o‘tkazilgan OHICHK davlatlari portlari rahbarlarining konferensiyasi dengiz, temir yo‘l va avtomobil transporti orqali tashuvlarni muvofiqlashtirish, yuklarga ishlov berish hamda operatorlar o‘rtasidagi hamkorlik masalalariga bag‘ishlandi.
Transport kun tartibi MDH doirasida texnik talablarni yaqinlashtirish, muvofiqlikni baholash natijalarini o‘zaro tan olish hamda notarif to‘siqlarni bartaraf etish borasidagi ishlar bilan chambarchas bog‘liq. Elektron hujjat aylanishi yuklarni rasmiylashtirish va nazorat tartib-taomillaridan o‘tish uchun sarflanadigan vaqtni qisqartiradi.
Hududlar va biznes o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar texnologiyalar transferi, ishlab chiqarishni avtomatlashtirish va yangi materiallarni o‘zlashtirish bo‘yicha qo‘shma loyihalar uchun hamkorlar hamda tegishli maydonlarni tanlash imkonini beradi. Bunday aloqalarni mustahkamlash masalalariga 2025-yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan birinchi MDH Hududlar forumida alohida e’tibor qaratildi.
Tadbirkorlik sohasidagi hamkorlik uchun qo‘shimcha imkoniyatlarni OHICHK Ishbilarmonlar kengashi ham yaratib, Kengashga a’zo davlatlarning ishbilarmon doiralari va birlashmalari o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga ko‘maklashadi.
2026-yil aprel oyida Toshkent shahrida o‘tkazilgan MDH Innovatsion sanoat forumida sun’iy intellektni qo‘llash, shuningdek, ilm-fan va ishlab chiqarish o‘rtasidagi hamkorlik masalalari muhokama qilindi. Kichik va o‘rta biznesning bunday ishlab chiqarish zanjirlarida ishtirok etishi yirik korxonalar uchun butlovchi qismlar ishlab chiqarish va ixtisoslashtirilgan xizmatlar ko‘rsatish imkoniyatlarini yaratadi.
Qo‘shma loyihalarni tayyorlash moliyalashtirish manbalarini kelishishni ham talab etadi. Tegishli milliy institutlar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yishning qo‘shimcha mexanizmi sifatida OHICHK Moliyaviy sammiti xizmat qiladi. Uning birinchi yig‘ilishi 2026-yil 8-sentabr kuni Astana shahrida bo‘lib o‘tdi. Sammitning maslahatlashuv kun tartibi rivojlanishni moliyalashtirish, investitsiyaviy hamkorlik va raqamli yechimlarni qamrab oladi. O‘zbekiston tomoni logistika, energetika va sanoat sohalaridagi tashabbuslarni salohiyatli investorlarga taqdim etish hamda ularni amalga oshirish shartlarini muhokama qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Ko‘p tomonlama formatlardagi ishtirok yangi mamlakatlar bozorlariga chiqish va qo‘shma loyihalarni tayyorlashda shakllangan hamkorlik aloqalariga tayanish imkonini beradi. Ushbu ishlarning iqtisodiy samarasi yangi ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish, uzoq muddatli eksport shartnomalarini tuzish hamda O‘zbekistonda yaratiladigan qo‘shilgan qiymat hajmining oshishi bilan o‘lchanadi.