
Belarus davlat pedagogika universitetida (BDPU) rektor Aleksandr Ivanovich Juk bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari bilan 2017-yildan buyon rivojlanib kelayotgan samarali hamkorlik aloqalari alohida e’tirof etildi. Ikki tomonlama munosabatlarning uzviy davomi sifatida, 2026/2027 o‘quv yilidan boshlab Nizomiy nomidagi O‘zbekiston Milliy pedagogika universiteti, Jizzax, Samarqand, Namangan davlat pedagogika institutlari hamda Navoiy davlat universiteti bilan yangi qo‘shma ta’lim dasturlariga qabul yo‘lga qo‘yildi.
Istiqbolda bakalavriat va magistratura yo‘nalishlarini kengaytirish, talabalar va o‘qituvchilarning akademik mobilligini rivojlantirish, shuningdek, inklyuziv ta’lim, psixologiya va raqamli texnologiyalar sohalarida qo‘shma tadqiqot laboratoriyalarini tashkil etish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, O‘zbek madaniyati markazi orqali gumanitar aloqalarni mustahkamlash va BDPU negizida o‘zbekistonlik pedagog kadrlar uchun stajirovkalarni qo‘llab-quvvatlash orqali o‘zaro tajriba almashinuvini yangi bosqichga olib chiqish ko‘zda tutilgan.