O‘zbekiston TIV rahbari MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etdi

TOSHKENT, 17-aprel. / “Dunyo” AA/. O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Moskvada bugun bo‘lib o‘tgan MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashi yig‘ilishida ishtirok etdi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri.
“Bugun Moskvada Ozarbayjon, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Tojikiston va Turkmanistondan kelgan hamkasblarim bilan birgalikda MDH Tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdik, – deb yozdi O‘zbekiston TIV rahbari o‘zining telegram-kanalida. – Uchrashuv davomida global va mintaqaviy kun tartibining dolzarb masalalari yuzasidan fikr almashib, MDH doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildik.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan qator hujjatlar imzoladik. Ular ijtimoiy rivojlanish va hayot sifatini oshirish, gumanitar va taʼlim sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish, shartnoma-huquqiy bazani takomillashtirish, idoralararo hamkorlikni mustahkamlash masalalarini qamrab oladi.
Shuningdek, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlantirish, jumladan, “yashil” energetika va ekologik kun tartibi hamda zamonaviy geosiyosiy o‘zgarishlar sharoitida mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratdik”.