O‘zbekiston va Belarus o‘rtasida yangi qo‘shma loyihalar muhokama qilindi

Ayni kunlarda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ishchi tashrif bilan Belarus Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida 2 mart kuni Minsk shahrida Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi Mixail Myatlikov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur uchrashuvni tashkil etish bo‘yicha kelishuv 2026 yil fevral oyida Belarus delegatsiyasining O‘zbekistonga amaliy tashrifi davomida erishilgan edi.
Muzokaralarda Belarus qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat vaziri o‘rinbosari Igor Dorofeychik, O‘zbekiston Respublikasining Belarus Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Raxmatulla Nazarov hamda o‘zbek ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdilar.
Uchrashuvda Minsk shahrida O‘zbekiston savdo uyini tashkil etish masalasi atroflicha muhokama qilindi. Ushbu savdo uyi orqali qishloq xo‘jaligi hamda elektrotexnika mahsulotlarini taqdim etish va ularning savdosini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, HoReCa sohasini rivojlantirish doirasida Belarus hududida o‘zbek milliy taomlari restoranini ochish tashabbusi ham ko‘rib chiqildi.
Tomonlar Vitebsk viloyatida 15 ming gektar yer maydonida chorvachilik va kartoshka yetishtirish yo‘nalishida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Mazkur yo‘nalishda qo‘shma ishlash, investitsiya jalb qilish va mahsulotlarni qayta ishlash hamda eksport qilish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida hamkorlikni amaliy bosqichga olib chiqish va aniq loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
SSP matbuot xizmati