Belarus savdo tarmoqlari o‘zbek mahsulotlariga qiziqish bildirmoqda

Joriy yilning 10 mart kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov ishtirokida Belarusning yirik chakana savdo tarmoqlari vakillari bilan onlayn uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Ushbu muloqot Palata raisi Davron Vaxabovning 2–6 mart kunlari Belarus Respublikasiga amalga oshirgan tashrifi davomida erishilgan kelishuvlar asosida tashkil etildi.
Uchrashuvda Belarus Respublikasi Monopoliyaga qarshi tartibga solish va savdo vaziri o‘rinbosari Svetlana Korotkevich hamda O‘zbekistonning Belarusdagi Favqulodda va muxtor elchisi Rahmatulla Nazarov ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida Belarus bozorida O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga talab mavjudligi qayd etildi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat o‘rtasida savdo hajmini oshirish va hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Xususan, O‘zbekistondan xo‘l va quritilgan meva-sabzavot mahsulotlarini, Belarusdan esa go‘sht va sut mahsulotlarini o‘zaro bozorlarda kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, tadbirkorlar o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni yana-da faollashtirish maqsadida Belarus chakana savdo tarmoqlarining O‘zbekistonga biznes-missiyalarini tashkil etish taklifi ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar ishbilarmonlar o‘rtasidagi aloqalarni kuchaytirish, kontakt maʼlumotlarini almashish hamda yaqin vaqt ichida biznes-missiyalarni amalga oshirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldilar.
SSP matbuot xizmati