O‘zbekiston xavfsiz va ochiq sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi mavqeini mustahkamlamoqda

2025-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekiston turizm sohasida ishonchli va jadal o‘sishni namoyish etmoqda. Mamlakatga qariyb 12 million xorijiy sayyoh tashrif buyurgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 16 foizga ko‘pdir.
Turizm xizmatlari eksporti 4,8 milliard AQSH dollaridan oshdi, bu esa O‘zbekistonga xalqaro qiziqish ortib borayotgani va uning mintaqadagi eng istiqbolli sayyohlik yo‘nalishlaridan biri sifatidagi mavqei mustahkamlanayotganini tasdiqlaydi.
Bunday natijalarga turizm sohasida infratuzilmani yaxshilash, transport qulayligini rivojlantirish, xizmatlarni raqamlashtirish va sayohatchilar uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan izchil islohotlar tufayli erishildi. Mamlakatimizda turizm klasterlarini rivojlantirish, xizmatlar sifatini oshirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha loyihalar faol amalga oshirilmoqda.
Respublikada chet el fuqarolari uchun mamlakatga kirishning soddalashtirilgan tartibi joriy etildi, xususan, hozirgi vaqtda 94 ta xorijiy davlat fuqarolari uchun vizasiz kirish, 52 ta davlat uchun elektron kirish vizasi va 45 ta davlat uchun besh kunlik tranzit vizasiz kirish belgilandi.
Dunyoning qator mintaqalarida, jumladan, ayrim davlatlarda ommaviy aksiya va namoyishlar o‘tkazilayotgan hozirgi geosiyosiy beqarorlik sharoitida sayyohlarning xavfsizligi va qulayligi omili tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Shu ma’noda, O‘zbekiston millati va dinidan qat’i nazar, barcha mehmonlar uchun ochiq bo‘lgan barqaror, xavfsiz va mehmondo‘st davlat maqomini saqlab qoladi. Hurmat, bag‘rikenglik va samimiy mehmondo‘stlik an’analari o‘zbek xalqi madaniyatining ajralmas qismidir.
Xalqaro reytinglar O‘zbekistonda xavfsizlik darajasi yuqori ekanini tasdiqlaydi. O‘zbekiston so‘nggi yillarda global xavfsizlik indekslarida yetakchi o‘rinlarni egallab kelmoqda. Xususan, "International SOS Risk Map"ga ko‘ra, mamlakat xavf darajasi past bo‘lgan yo‘nalishlar (Low Risk) toifasiga kiritilgan, bu esa uni umumiy xavfsizlik darajasi bo‘yicha Yevropaning bir qator davlatlari bilan bir qatorga qo‘yadi.
"Numbeo Safety Index" ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston jinoyatchilikning barqaror past darajasini ko‘rsatib, dunyoning 148 mamlakati orasida 25-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, "Solo Female Travel Safety Index" va "Safety Perceptions Index" reytinglarida O‘zbekiston ayollar mustaqil sayohatlari uchun eng yuqori xavfsizlik ko‘rsatkichlaridan birini qo‘lga kiritib, dunyoda 1-o‘rinni egalladi. Bundan tashqari, "Gallup Global Law and Order Index" indeksiga ko‘ra, mamlakat jamoat xavfsizligi va huquq-tartibotga ishonch darajasi bo‘yicha ham jahon yetakchilari qatoriga kirgan. Ushbu baholar birgalikda O‘zbekistonning sayyohlar uchun xavfsiz, turg‘un va qulay yo‘nalish sifatidagi barqaror xalqaro imijini shakllantiradi.
Bugungi kunda O‘zbekiston sayyohlarga nafaqat Buyuk Ipak yo‘lining boy madaniy-tarixiy merosini, balki zamonaviy infratuzilma, qulay sharoitlar va ochiqlik muhitini ham taqdim etmoqda.