Farg'ona viloyati va Belarus hududlari o'rtasida 4,5 million dollarga teng bo'lgan kelishuvlar imzolandi

O'zbekiston elchixonasi ko'magida joriy yilning 12-16-yanvar kunlari Farg'ona viloyati hokimligi vakillari va tadbirkorlaridan iborat delegatsiyaning Belarusning Gomel viloyati, Bobruysk va Minsk shaharlariga biznes-missiyasi tashkil etildi, deb xabar bermoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Safar davomida Farg'ona viloyati delegatsiyasi Gomel viloyati ijroiya qo'mitasi raisi Ivan Krupko tomonidan qabul qilindi.
Suhbat chog'ida turli soha va yo'nalishlardagi hududlararo aloqalarning bugungi holati va ularni yana-da kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi. Tomonlar Gomel va Farg'ona shaharlarida milliy savdo uylarini ochish imkoniyatlarini muhokama qildilar. Shuningdek, o'zaro iqtisodiy kooperatsiyani jadallashtirishga qiziqish bildirildi.
O'zbekiston vakillari Gomel viloyatidagi qishloq xo'jaligi texnikasi, oziq-ovqat, go'sht-sut, qandolat va tekstil mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi, yog'ochga ishlov beruvchi va mebel fabrikalarida bo'ldi.
Tashrif davomida Gomel viloyati Savdo-sanoat palatasida biznes-forum va V2V shaklidagi muzokaralar uyushtirildi.
Mogilyov viloyati Bobruysk shahriga safar davomida ushbu shahar ijroiya qo'mitasi raisi Igor Kisel bilan uchrashuv bo'lib o'tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish uchun yuqori salohiyat borligi ta'kidlandi. Xususan, go'sht-sut, qandolat va tekstil mahsulotlari, mini-traktorlar va mebel ishlab chiqarish yo'nalishlarida qo'shma loyihalarni amalga oshirishga qiziqish bildirildi.
Farg'ona viloyati biznes vakillarining Bobruysk shahrida joylashgan yirik ishlab chiqarish korxonalariga tashrifi uyushtirildi. "Belagroprombank" binosida esa ikki viloyat ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida V2V shaklidagi uchrashuvlar bo'lib o'tdi.
Minsk shahriga safar chog'ida Belarus Tashqi ishlar vazirligi huzuridagi Milliy marketing va narxlar konyunkturasi markazi bilan birgalikda O'zbekiston-Belarus biznes-forumi tashkil etildi. Unda Farg'ona viloyatining ijtimoiy-iqtisodiy, investitsiyaviy, sayyohlik va axborot texnologiyalari sohalaridagi salohiyati taqdim etildi.
Farg'ona viloyati delegatsiyasining Belarusga tashrifi davomida jami 4,5 million AQSH dollariga teng bo'lgan 10 ta shartnoma, kelishuv va memorandumlar imzolandi.