"O'zbekiston yoshlari forumi" doirasida Belarusda tahsil olayotgan vatandoshlar bilan uchrashuv bo'lib o'tdi

Mamlakatimiz elchixonasi tomonidan O'zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasi bilan birgalikda joriy yilning 24-dekabr kuni Belarus davlat informatika va radioelektronika universitetida "O'zbekiston yoshlari forumi" tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Forumda O'zbekiston elchixonasi diplomatlari, universitet birinchi prorektori Maksim Davidov, Belarus Yoshlar ittifoqi kotibi Pavel Alekso, Respublika yoshlar markazi boshlig'i Yuliya Zinkevich, shuningdek, ushbu mamlakatda tahsil olayotgan faol vatandoshlar ishtirok etdi.
Yig'ilganlarga 2024-yilda O'zbekistonda amalga oshirilgan ishlar, ta'lim sohasini qo'llab-quvvatlash, yangi oliy ta'lim muassasalarini tashkil etish, respublikaning yoshlarga oid davlat siyosati mazmun-mohiyati va boshqalar haqida batafsil so'zlab berildi.
Belarusda tahsil olayotgan vatandosh yoshlar bilan aloqalarni kuchaytirish, ularni mamlakatimizda kechayotgan o'zgarishlarga faol jalb qilish masalalariga alohida urg'u berildi.
Tadbir doirasida "Siz O'zbekistonni bilasizmi?" mavzusida interaktiv o'yin o'tkazildi.
Faol yoshlarga elchixona nomidan faxriy yorliq va esdalik sovg'alari topshirildi.