Minsk shahrida buyuk qomusiy olim Mirzo Ulug'bek tavalludining 630 yilligiga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir o'tkazildi

Belarus poytaxtidagi "Do'stlik uyida" buyuk qomusiy olim va atoqli davlat arbobi Mirzo Ulug'bek tavalludining 630 yilligiga bag'ishlangan ma'rifiy tadbir tashkil etildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Unda Belarus rasmiy idoralari, mamlakatda akkreditatsiyadan o'tgan diplomatik korpus vakillari, Milliy fanlar akademiyasi a'zolari, yetakchi oliygohlarining akademik va professorlari, talabalar vatandoshlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.
Belarus Milliy fanlar akademiyasi akademigi Petr Vityaz Mirzo Ulug'bekning ilmiy-ma'rifiy merosining jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo'shgan muhim o'rni haqida ma'ruza qildi. U Mirzo Ulug'bek bir vaqtning o'zida buyuk olim hamda yetuk davlat arbobi sifatida juda mashhur ekanligini ta'kidladi.
Milliy fanlar akademiyasi muxbir a'zosi, professor Sergey Raxmonov o'z nutqida Mirzo Ulug'bekning nafaqat o'zbek olimi va dahosi, balki u butunjahon hamjamiyatining boyligi ekanini, ikkinchi Sharq Renessansining yetakchi olimi sifatida o'zidan juda katta ilmiy meros qoldirganiga urg'u berdi.
Belarus davlat universitetining tarix fakulteti dotsenti Oleg Perzashkevich Mirzo Ulug'bek uzoq yillar davomida o'z saltanatini adolat va insonparvarlik g'oyalari asosida boshqarib, bunyodkorlik ishlarini amalga oshirish bilan birga ilm-fan, madaniyat va san'at sohalarini yuksaltirishga homiylik qilganini aytib o'tdi.
Belarus milliy texnika universitetining arxitektura fakulteti dekani Armen Sardarov esa Ulug'bekning tashabbusi va homiyligi ostida ko'plab madrasalar, maktablar, kutubxonalar, masjidlar, karvonsaroylar, ko'priklar hamda so'lim bog'lar barpo etilgani, natijada Movarounnahr Sharqdagi yirik madaniyat va ilm-fan markaziga aylangani ta'kidladi.
Tadbirning madaniy qismida ijro etilgan o'zbek milliy qo'shiqlari kechaga bayramona shukuh bag'ishladi.