Belarus va O'zbekiston o'zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirmoqda

Oliy darajadagi O'zbekiston-Belarus sammiti arafasida ushbu mamlakat media makonida yurtimiz hayotiga oid turkum maqolalar va xabarlar e'lon qilinmoqda, deb xabar qilayapti "Dunyo" AA muxbiri.
Jumladan, eng yirik axborot resursi - Belarus telegraf agentligi (BelTA) o'z kanallari orqali O'zbekiston poytaxtidan, shuningdek, Samarqanddan va mamlakatimizning boshqa viloyatlaridan bir qator axborot materiallarini tarqatayapti.
Agentlik 6-fevral kuni Toshkentda Belarus va O'zbekiston tashqi ishlar vazirlari o'rtasida muzokaralar bo'lib o'tgani haqidagi maqolani e'lon qildi. Nashrda qayd etilganidek, uchrashuvda ikki tomonlama va ko'p tomonlama kun tartibidagi dolzarb masalalar batafsil muhokama qilindi. Savdo-iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirish va o'zaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish, oziq-ovqat xavfsizligini mustahkamlash, sanoat kooperatsiyasi loyihalarini ishlab chiqish masalalariga to'xtalib o'tildi.
Belarus OAV 6-7-fevral kunlari bo'lib o'tgan Belarus - O'zbekiston hududlararo II forumi yakuniy natijalariga alohida e'tibor qaratdi. Forumda Belarus delegatsiyasiga Bosh vazir o'rinbosari Leonid Zayas boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibida, shuningdek, qishloq xo'jaligi vaziri Sergey Bartosh, sanoat vaziri Aleksandr Rogojnik, sport va turizm vaziri Sergey Kovalchuk, ta'lim vaziri Andrey Ivanes, sog'liqni saqlash vaziri Aleksandr Xodjayev, viloyatlar, korxonalar va oliy o'quv yurtlari rahbarlari ham bor edi. Tadbirda Belarus viloyatlari va ishbilarmon doira vakillari ham qatnashdi.
"BelTA"ning yozishicha, ikki kun davomida tomonlar Belarus va O'zbekiston hududlari o'rtasidagi hamkorlikning keng ko'lamli masalalarini – sarmoyaviy va sanoat kooperatsiyasidan tortib, madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlashgacha bo'lgan aniq yo'nalishlarni muhokama qildilar.
Tadbirda Belarus Savdo-sanoat palatasi va O'zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamkorligida sheriklik munosabatlarini rivojlantirishga ko'maklashish maqsadida ishbilarmon hamkorlikning maslahat organi – Belarus-O'zbekiston Ishbilarmonlar kengashining uchinchi yig'ilishi tashkil etildi. Unda Belarus va O'zbekiston tashkilotlari o'rtasidagi ishbilarmonlik aloqalari samaradorligini oshirish, shuningdek, ikki tomonlama savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish yo'lidagi to'siqlarni aniqlash va bartaraf etish masalalari xususida fikr almashildi.
Boshqa bir xabarda O'zbekistonda bo'lib o'tgan muzokaralarda Vitebsk va Qashqadaryo viloyatlari vakillari o'rtasida onkologiya, bolalar xirurgiyasi, transplantologiya va endokrinologiya sohalarida hamkorlik qilish bo'yicha kelishuvlarga erishilgani ma'lum qilingan. Ta'kidlanishicha, tomonlar iqtisodiyot, sog'liqni saqlash, turizm, axborot texnologiyalari va sport sohalari bo'yicha ham muzokaralar olib bordi.
"Grodno va Samarqand viloyatlari hamkorlikni rivojlantirish niyatida. Bu haqda viloyat rahbarlari Vladimir Karanik va Erkinjon Turdimov tomonidan uchrashuvi chog'ida aytildi", — qayd etadi agentlik.
Uchrashuv O'zbekiston va Belarus hududlararo II forumi doirasida Samarqand shahrida bo'lib o'tdi. Suhbat chog'ida viloyat rahbarlari tovar ayirboshlash hajmini oshirish istiqbollarini muhokama qildilar. Grodno viloyat ijroiya qo'mitasi raisi ikki mamlakat hududlari o'rtasida o'zaro hamkorlik salohiyati ortib borayotganini alohida ta'kidladi.
"Brest viloyat ijroiya qo'mitasi Sirdaryo va Buxoro viloyatlari bilan savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo'yicha hududlararo shartnomalarni amalga oshirish to'g'risidagi 2024-2025 yillarga mo'ljallangan chora-tadbirlar rejalari loyihalarini tayyorladi. Ularni imzolash Belarus va O'zbekiston hududlararo II forumi doirasida rejalashtirilgan. Tashrif doirasida Brest viloyat klinik shifoxonasi va Buxoro viloyat ko'p tarmoqli tibbiyot markazi o'rtasida hamkorlik shartnomasi, shuningdek, Brest va Buxoro shaharlari o'rtasida istiqboldagi rejalar bayonnomasi imzolanishi rejalashtirilgan", — deyiladi xabarda.
"BelTA", shuningdek, savdo-iqtisodiy va tibbiy sohalarda, sport, farmatsevtika, metallurgiya, kiyim-kechak ishlab chiqarish va xavfsiz texnologiyalar jabhalarda erishilgan kelishuvlar haqida ham yozgan.
Ta'kidlanishicha, Belarus va O'zbekiston hududlararo II forumida 80 million AQSH dollari miqdorida hamkorlik shartnomalari imzolangan.
Bundan tashqari, "BelTA" Belarus ta'lim vaziri Andrey Ivanes O'zbekiston oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotbay Sharipov bilan muzokaralar o'tkazgani haqidagi maqolani o'z o'quvchilari o'rtasida tarqatdi. Kun tartibida ikki vazirlik huzurida Belarus-O'zbekiston ilmiy-texnikaviy konsorsiumini tashkil etish masalasi, shuningdek, ikki davlat iqtisodiyoti ehtiyojlarini hisobga olgan holda qo'shma ta'lim dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi qo'yildi.
"Asosiy e'tibor sifatli ta'limga qaratildi. Ikki tomonlama kelishuvlarni amalga oshirishning yangi shakllari taklif etildi", — deb yozgan agentlik.