IT sanoati rivoji mamlakat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega

Bugungi kunda AKTSiz samarali iqtisodiyot, sifatli ta’lim, zamonaviy va innovatsion ishlab chiqarish jarayonlarini tasavvur etib bo‘lmaydi. Bunday sharoitda raqamli rivojlanishning muhim yo‘nalishlaridan biri, iqtisodiyotning deyarli barcha sohalarida talab qilinadigan IT-mutaxassislarni tayyorlashdir. Maktab, o‘rta maxsus va oliy ta’lim doirasida IT-kadrlarni uzluksiz tayyorlashning kompleks tizimini yaratish ustuvor shartlardan biridir.
Har qanday sohada malakali kadrlar tayyorlash uchun, eng avvalo, yuqori sifatli taʼlim bazasini yaratish muhim ekan, mamlakatimizda ham IT-taʼlimni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan koʻplab tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Xususan, Raqamli texnologiyalar vazirligi tizimidagi IT oliy taʼlim muassasalari Toshkent axborot texnologiyalari universiteti va uning 6 ta filiali, Toshkent shahridagi Inha va Amiti universitetlari tomonidan 35 dan ortiq mutaxassisliklar boʻyicha 29 mingga yaqin oliy maʼlumotli kadrlar tayyorlanmoqda.
Shuningdek, 2022-yilda “EPAM Systems” xalqaro IT-kompaniya bilan hamkorlikda birinchi onlayn shakldagi “IT-Park University” raqamli universitet faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Shu bilan birgalikda joriy yil 5-iyulda Qorakoʻl IT-klasterini tashkil etish boʻyicha Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilindi. Ushbu klasterda 2023-2024 oʻquv yilidan IT yoʻnalish boʻyicha Buxoro viloyatida Hindiston bilan hamkorlikda Acharya universiteti tashkil etildi. IT-klaster doirasida masofaviy IT-xizmatlar eksporti markazi, ilmiy-tadqiqot markazlari va oʻquv laboratoriyalar, startap loyihalarni rivojlantirish inkubatsiya markazi va boshqa obyektlar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro IT-sertifikatlarga ega yosh mutaxassislarni qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 9-maydagi qarori ijrosini taʼminlash hamda yoshlarning IT sohasida salohiyatini oshirish, shuningdek, IT bilimlarga qiziqtirish maqsadida xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash tizimi joriy etilgan.
Xalqaro IT-sertifikatlarini olish uchun 50 foizgacha xarajatlarini qoplash boʻyicha “IT-istedod” portali ishga tushirildi. Shuningdek, Yagona interaktiv davlat xizmatlar portali (“my.gov.uz”) orqali arizalarni qabul qilish uchun “Xalqaro IT-sertifikatlarini olish hamda oʻqish xarajatlarining 50 foizgacha boʻlgan qismini qoplab berish” xizmati joriy etildi.
Oʻz bilim va koʻnikmalarini oshirish maqsadida 2022-2023-yillarda jami 2 500 dan ziyod yoshlar xalqaro IT-sertifikatni olish uchun arizalar topshirgan boʻlib, shundan 800 nafardan ortiq yoshlarga mazkur sertifikatlar boʻyicha 50 foizgacha boʻlgan xarajatlari qoplab berildi.
Maktablarda IT yoʻnalishiga oʻqitish va iqtidorli yoshlarni saralash boʻyicha “Muhammad al-Xorazmiy raqamli vorislari” loyihasi joriy etiladi. Bunda, IT sohasiga qiziqishi yuqori boʻlgan yoshlar saralab olinib, darsdan tashqari vaqtda maxsus guruhlarda IT va xorijiy tillarga oʻqitiladi.
Loyiha doirasida 213 ta maktabdan jami 4 mingdan ortiq 7-11-sinf oʻquvchilariga taʼlim beriladi. Yiliga 800 nafardan ortiq IT va xorijiy til koʻnikmalariga ega oʻquvchilar yetishib chiqadi.
IT sohasidagi oʻquv kurslarda tahsil olayotgan yoki ushbu oʻquv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlagan 48 ming nafardan ortiq yoshlarning kompyuter xarid qilishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 25 baravaridan koʻp boʻlmagan miqdorda isteʼmol kreditlari ajratildi.
Shuningdek, yoshlar orasida axborot texnologiyalari boʻyicha koʻnikmalarini shakllantirish, iqtisodiyotning turli sohalarida raqamlashtirishda faol ishtirok etadigan iqtidorli yoshlarni tayyorlash maqsadida “Mirzo Ulugʻbek vorislari” oʻquv kurslari tashkil etildi.
Talabgor talabalardan 322 ta onlayn ariza qabul qilindi. Hozirda ulardan IQ test olish uchun texnik tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining AKTga masʼul xodimlari malakasini oshirish va reyting baholashni tashkil etish tizimi yoʻlga qoʻyildi.
Davlat tashkilotlarida faoliyat yuritayotgan IT sohasidagi malakali kadrlarni ragʻbatlantirish va yoshlar orasida mazkur kasbga boʻlgan eʼtibor va qiziqishlarini oshirish maqsadida xalqaro IT sertifikatga ega AKTga masʼul xodimlarga 20 foiz miqdorda ustama toʻlash amaliyoti hayotga tatbiq etildi.
Bugungi kunda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti bitiruvchilari 100 dan ortiq nufuzli mahalliy va xorijiy korxona-tashkilotlarda faoliyat yuritib kelmoqda.
Jumladan, Valijon Halilov “Center Prime”, Shahram Rustamov “Zuccotech”, Shohrux Rahmatov “HYUNDAI MIB”, Umid Ahmedjonov “Amazon”, Olimjon Hidoyev, “Analog
Devices”, Eldor Primov “Wonderful Platform” kompaniyalarida, Nodir Nazarov “Google LLC”da,
Akramxoʻja Ziyodxoʻjayev “ZTE Invsment” MCHJda,
Sherzod Murodov “eBay”da, Obidjon Eshmamatov “Epam systems”da faoliyat yuritmoqda.
Toshkent shahridagi Inha universiteti tomonidan ham berilgan katta bilim va tajriba universitet bitiruvchilariga nafaqat Oʻzbekistonda, balki xorijda ham raqobatbardosh boʻlish imkonini beradi. Masalan, bitiruvchilarning 60 foizdan ortigʻi IT, 15 foizdan ortigʻi logistika sohasida faoliyat yuritayotgan boʻlsa, 10 foizga yaqini xususiy tadbirkorlardir.
– Ayni paytda bitiruvchi-yoshlarimiz Microsoft, EPAM Systems, Udevs, Momox, Tesla, Amazon, Tik-Tok, Huawei, TBC bank, Uz Railways, Payme.uz, Uzcard, IT PARK va boshqa koʻplab kompaniyalarda ishlamoqda, – deydi Toshkent shahridagi Inha universiteti rektori Muzaffar Jalolov. – Shuningdek, universitetimiz aholining axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi bilimini oshirish tashabbuslarida faol ishtirok etmoqda. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Raqamli texnologiyalar vazirligi, Mirzo-Ulugʻbek jamgʻarmasi koʻmagida “Mirzo Ulugʻbek vorislari” oʻquv tayyorlov kurslari tashkil etildi.
IT yoʻnalishida bir qator xalqaro OTM va ularning filiallari faoliyati yoʻlga qoʻyilgani, mavjud OTMlar faoliyati takomillashtirilgani mamlakatimizda IT taʼlimning tobora rivojlanib borayotganidan, kadrlar tayyorlash sohasining zamon talablari, zamonaviy iqtisodiyot va mehnat bozori asosida tizimli isloh qilish ishlari amalga oshirilayotganidan dalolatdir.
Mohigul Qosimova, OʻzA