O‘zbekiston – Belarus sog‘liqni saqlash va tibbiyot taʼlimi kunlari” mavzusida Forum

Joriy yil 27-29 noyabr kunlari Minskda bo‘lib o‘tgan Belarus — O‘zbekiston sog‘liqni saqlash anjumani tibbiyot sohasidagi ikki tomonlama aloqalar tarixida mutlaqo yangi sahifa ochdi. Uning doirasida tibbiyotning dolzarb masalalariga bag‘ishlangan shoʻba yig‘ilishlari o‘tkazildi, o‘nlab nufuzli tibbiyot muassasalari va oliy o‘quv yurtlari faoliyati bilan tanishildi, 120 dan ortiq o‘zaro manfaatli shartnoma va memorandumlar imzolandi va yangi loyihalar yuzasidan kelishuvlarga erishildi.
Bular sog‘liqni saqlash sohasini O‘zbekiston — Belarus hamkorligining “lokomotiv”iga aylantirishga xizmat qiluvchi natijalardir! Maqsad — milliy tibbiyotimiz transformatsiyasi jarayonida ushbu mamlakatning tibbiyotdagi ijobiy tajribasini amaliyotga keng tatbiq etish.
Xususan, Minsk xirurgiya, transplantatsiya va gemotologiya ilmiy-amaliy markazida qo‘llanilayotgan jigar transplantantini tayyorlashning innovatsion usuli operatsiyadan keyingi asoratlar xavfini bir necha barobar kamaytirish, bu yerda Xodjkin limfomasining rezistent shakllari yoki retsidiviga chalingan bemorlar yangi usul — gemopoetik o‘zak hujayrlarinining tandem autologik transplantatsiyasi asosida davolanish tajribasi o‘rganildi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Belarusga xizmat safari doirasida ushbu muassasa rahbariyati bilan uchrashib, mutaxassislar almashinuvini yo‘lga qo‘yish, jigar, buyrak transplantatsiyasi kabi qo‘shma amaliyotlarni bajarish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi.
Bundan tashqari, Minsk shahrida joylashgan N.N.Aleksandrov nomidagi Respublika onkologiya va tibbiy radiologiya ilmiy-amaliy markazi faoliyati bilan tanishuv bo‘ldi.
O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vaziri Amrillo Inoyatov va markaz rahbariyati o‘rtasida o‘tgan muloqot davomida onkologiya sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ular uchun stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, birgalikda onkologik kasalliklarni davolashning yangi usullarini joriy qilish kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
64 yillik tarixga ega mazkur markazdagi ilmiy-tibbiy-o‘quv majmuada 10 ilmiy laboratoriya, 20 ta statsionar va 11 ta diagnostika bo‘limi mavjud.
Bugungi kunda ularda jami 1700 dan ziyod malakali xodimlar, shu jumladan, 25 nafardan ortiq tibbiyot va biologiya fanlari doktorlari hamda 12 nafar professor mehnat qilmoqda.
Bu yerda umumiy gipertremiya, fotodinamik terapiya kabi dunyoda muqobili bo‘lmagan noyob davolash usullari qo‘llaniladi.
Markazda o‘rnatilgan zamonaviy diagnostika asob-uskunalari esa hatto eng og‘ir onkologik kasalliklarga ham tez va aniq tashxis qo‘yish imkonini bermoqda.
Yurtimizda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Belarus tibbiyot va taʼlim kunlari ko‘plab yo‘nalishlar qatorida onkologiya sohasidagi o‘zaro hamkorlikni ham yana-da mustahkamlashga turtki bo‘ldi.
Xususan, aksiya doirasida mamlakatimizga Belarusdan bir guruh yuqori malakali onkologlar tashrif buyurib, mahalliy shifokorlar bilan o‘zaro bilim va tajriba almashdi, hamkorlikda murakkab amaliyotlar bajardi.
Uchrashuvda onkologiya sohasida mutaxassislarni o‘qitish, ular uchun ushbu markazda stajirovka va malaka oshirish kurslarini tashkil etish, birgalikda onkologik kasalliklarni davolashning yangi usullarini joriy qilish kabi qator yo‘nalishlarda hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.
Shuningdek, muzokaralar davomida ikki mamlakatning onkologik muassasalari o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘z navbatida, belaruslik mutaxassislar o‘zbekistonlik hamkasblaridan ayrim onkologik kasalliklarni robot texnologiyasi yordamida davolashni o‘rganishga qiziqish bildirdi.
29 noyabrda Minsk shahridagi muhtasham Respublika saroyi zalida ikki mamlakatning sog‘liqni saqlash sohasi masʼullari, yetakchi tibbiyot markazlari, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari, yirik farmatsevtika korxonalari rahbarlari, hududiy sog‘liqni saqlash boshqarmalari vakillari anjumanning yalpi yig‘ilishida ishtirok etdi.
Tadbir avvalida Belarus Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Igor Petrishenko, ushbu mamlakatning sog‘liqni saqlash vaziri Dmitriy Pinevich so‘zga chiqib, ishtirokchilarga qutlov so‘zlarini yo‘lladi.
O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri A. Inoyatov ham so‘zga chiqib, ikki mamlakat o‘rtasidagi tibbiy hamkorlikning joriy holati va rivojlanish istiqbollari haqida so‘z yuritdi.
Taʼkilanganidek, oxirgi yillarda ikki davlat yetakchilarining saʼy-harakatlari bilan mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik barcha sohalar qatori tibbiyot yo‘nalishida ham izchil rivojlanib bormoqda.
Respublika, viloyat, tuman va shahar tibbiyot muassasalari mutaxassislari, tibbiyot oliy taʼlim muassasalari va jamoat salomatligi texnikumlari rahbarlaridan iborat (230 dan ziyod) mamlakatimiz delegatsiyasining Belarusga tashrifi ikki tomonlama aloqalarni sifat va mazmun jihatdan mutlaqo yangi bosqichga olib chiqishga katta turtki berdi.
Anjuman yakunida ikki mamlakat o‘rtasida tibbiyot va tibbiy taʼlim sohalaridagi hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qo‘shgan munosib hissasi uchun Belarus Respublikasi Sog‘liqni saqlash vaziri Dmitriy Pinevich "O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash aʼlochisi" ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Shuningdek, bir guruh belaruslik hamkorlarga O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vazirligining tashakkurnomalari va esdalik sovg‘alari topshirildi.