TOSHKENT, 15 yanvar. /“Dunyo” AA/. Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida mahallabay ishlashning yangi tizimini yo‘lga qo‘yish va aholi bandligini taʼminlash bo‘yicha joriy yildagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi boshlandi, deb xabar bermoqda “Dunyo” AA muxbiri
Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘zining telegram kanalida maʼlum qildi.
Davlatimiz rahbari o‘tgan yilda O‘zbekiston iqtisodiyoti faol islohotlar, tadbirkorlikni rivojlantirish va mahallabay ishlash boshlangani natijasida 7,4 foizga o‘sganini taʼkidladi, deb xabar bermoqda Sherzod Asadov.
Hududlarda 100 mingta yangi tadbirkor ish boshladi. O‘zini o‘zi band qilganlar soni 700 mingga ko‘payib, 1,2 millionga yetdi.
“Mahallabay” ishlash tizimi orqali «Temir daftar»dagi 583 ming ehtiyojmand oila doimiy daromad bilan taʼminlandi.