Belarus Milliy texnika universitetida III Milliy madaniyatlar festivali bo'lib o'tdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Tadbirda O'zbekistonning Belarusdagi elchixonasi ko'magida mazkur oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan vatandosh talabalarning ishtiroki uyushtirildi. Festival davomida yurtimizning boy tarixi va an’analari namoyish etildi. Shuningdek, o'zbek milliy raqslari, kuy va qo'shiqlari ijro etildi.
O'zbekiston vakillarining chiqishlari festival tashkilotchilari va mehmonlari tomonidan yuqori baholandi. Festival yakunida yurtdoshlarimiz bir qator yo'nalishlarda diplom va sovg'alar bilan taqdirlandilar.
Mamlakatimiz diplomatik missiyasi ma’lumotiga ko'ra, hozirgi kunda Belarus Milliy texnika universitetida 479 nafar O'zbekiston fuqarolari qo'shma ta’lim dasturlari bo'yicha tahsil olmoqda.